O‘zbekistonda Hilton Hotels & Resorts xalqaro brendining birinchi mehmonxonasi ochildi. O‘tgan shanba kuni Hilton Tashkent City taqdimoti o‘tkazilgan bo‘lsa, dushanba kuni u o‘z eshiklarini rasman ochdi.

Tashkent City hududida barpo etilgan mehmonxona binosi 21 qavatga ega. Bu xalqaro ishbilarmonlik markazida faoliyat yuritadigan oltita mehmonxonaning birinchisi.

Taqdimot vaqtida Hilton`ning MDH va Rossiya davlatlarida rivojlantirish bo‘yicha direktori Aleksey Shatalovning ma’lum qilishicha, kelgusida ushbu brend mehmonxonalari O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham ochiladi.

«Hozirda biz Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xiva bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Aniq rejalarni hozircha ayta olmayman, muzokaralar jarayoni kechmoqda, biroq biz brendning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli kelajagiga aminmiz», — dedi u.

Mehmonxonadagi 258 ta xonalari standart, lyuks hamda fransuz, ingliz, arab va mumtoz uslubda barpo etilgan 8 ta prezident xonalaridan iborat. Prezident lyuks xonalarining maydoni 250 kv. m bo‘lib, mehmon kutish zali, tushlik zonasi va oshxonani o‘z ichiga oladi.

Hilton Tashkent City`da tadbirlar o‘tkazish uchun beshta ko‘p tarmoqli anjumanlar zali hamda yozgi ayvonga chiqishli banket zali mavjud. Ularning umumiy maydoni 2450 kv. m ni tashkil etadi. Barcha anjumanlar zallari birinchi va ikkinchi qavatlarda joylashgan bo‘lib, tabiiy yoritish imkoniyatlariga ega.

Hilton Tashkent City tarkibida dunyoning turli mintaqalari oshxonalari bo‘lgan bir qancha restoranlar mavjud bo‘lib, ulardan biri 21-qavatda joylashgan.

Hilton mehmonxona brendi (AQSH) bu yil o‘zining 100 yilligini nishonladi. Kompaniya butun dunyoda 585 ta mehmonxonaga ega.