Toshkentda 4 ta ko‘p tarmoqli klinika qurish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi poytaxt hokimiyati matbuot xizmati.

Ma’muriyat qurilishlarning zarurligini Toshkentda aholi soni ko‘payib borayotganligi sababli tibbiyot xizmatlariga ehtiyoj ham ortib borayotgani bilan izohladi.

Ular 1-Tibbiyot Akademiyasi, Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji, 2-Tibbiyot Akademiyasi hamda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Gulshan» bog‘i hududlarida barpo etilishi rejalashtirilgan.

Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi «Gulshan» bog‘i hozirgi kunda qarovsiz ahvolga kelgan, deyiladi xabarda. Uning hududida ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi qurilishi barobarida atrofi ham obodonlashtiriladi.

Qurilish-loyiha ishlari bog‘dagi daraxtlarni inobatga olgan holda olib boriladi. Prezident qarori bilan e’lon qilingan moratoriyga zid kelmagan holda katta daraxtlar joyida qolib, kichik daraxtar perimetr bo‘ylab boshqa joylarga o‘tkaziladi. Buni amalga oshirish maqsadida maxsus texnika xarid kilingan.

«Gulshan» bog‘i. 2018 yil 17 mart. Manba: Farida Chariff / Facebook.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi ushbu xabarlar ostiga shaharliklar boqqa teginmaslikni, shifoxonani boshqa joyga qurishni so‘ramoqda. Masalan, kichik bozorlar yoki tashlandiq avtoturargohlar, shuningdek, ikki qavatli oilaviy yoki stomatologik shifoxonalardan biriga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilinmoqda.