O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati shanba kuni bo‘lib o‘tgan 25-yalpi yig‘ilishida alohida davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritishni ma’qulladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Prokuratura to‘g‘risida"gi qonunning 49-moddasiga ko‘ra, hozirda prokuratura organlari xodimlarining ma’muriy huquqbuzarlik va intizomiy nojo‘ya xatti-harakat uchun javobgarligi masalasi yuqori turuvchi prokuror tomonidan hal etiladi. Yangi tahrirda esa so‘nggi band bekor qilindi — endilikda prokuratura xodimlarini ma’muriy javobgarlikka tortishda rahbariyatning ruxsati talab qilinmaydi.

«Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonunning 37-moddasidan (Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining daxlsizlik kafolatlari) Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari tegishincha DXX raisining, DXXning Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari boshliqlarining roziligi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkinligini ko‘zda tutgan bandi bekor qilindi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar prokuratura va DXX xodimlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.

Prokuratura xodimlari daxlsizligini cheklash Prezident administratsiyasi topshirig‘ida, DXX harbiy xizmatchilari uchun esa — prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘ida ko‘zda tutilgan.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ham xizmatni o‘tash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurori roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qo‘lga olinishi va qamoqqa olinishi mumkin emas.