Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida UzGTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurilishi uchun barpo etilgan shaharchada yashayotgan Enter Engineering kompaniyasi xodimlari ovqatdan ommaviy zaharlandi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev ma’lum qildi.

13 dekabr kuni soat 8:30 dan 16:30 gacha viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 9 nafar va Nishon tez tibbiy yordam ilmiy markaziga 2 nafar ishchilar ko‘ngil aynishi, qayd qilish, ichni tez-tez ketishi, tana haroratini ko‘tarilishi, sovuq qotish kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilgan. Ularga ovqatdan zaharlanish «O‘tkir gastroenterit» tashxisi qo‘yilib, shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Cog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshchiligida shtab tashkil etilgan. Ovqatdan zaharlanish kelib chiqishiga gumon qilingan taomdan iste’mol qilgan ishchilar tuzilgan komissiya tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. 14 dekabr soat 7:00 holatida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida yana 54 nafar ishchilar faol aniqlanib shifoxonalarga olib kelingan.

Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 49 nafar, Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markaziy Qashqadaryo filiali Toksikologiya bo‘limida 10 nafar, G‘uzor tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida 4 nafar, Nishon tuman tez tibbiy yordam bo‘limida 2 nafar jami 65 nafar bemorlar davolanmoqda.

Bemorlarning 46 nafari ahvoli yengil, 19 nafari o‘rtacha, og‘ir bemorlar yo‘q. Dori darmonlar zaxiralari yetarli. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur vaziyat to‘liq nazoratga olingan, deyiladi xabarda.