O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining shanba kuni bo‘lib o‘tgan 25-yalpi yig‘ilishida «Davlat boji to‘g‘risida"gi qonun ma’qullandi, deya xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Hujjat Soliq kodeksi yangi tahrirda ishlab chiqilishi munosabati bilan, shuningdek davlat bojini belgilash, undirish, undan ozod qilish va uni qaytarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qonunga ko‘ra davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to‘lovdir.

O‘zbekiston konsullik muassasalari tomonidan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan konsullik yig‘imi, ixtirolarga, foydali modellarga, sanoat namunalariga, seleksiya yutuqlariga, tovar belgilariga, xizmat ko‘rsatish belgilariga, tovar kelib chiqqan joy nomlariga, integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqiy muhofaza berish bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan patent boji davlat boji turlari jumlasiga kiradi.

Bunda vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va o‘ziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini to‘lovchilar hisoblanadi.

Qonunda davlat boji undiriladigan ob’ektlar va davlat boji stavkalarining miqdorlari nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, iqtisodiy sudlarda va ma’muriy sudlarda, notarial harakatlar amalga oshirilganda, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishda, shu jumladan xorijga chiqish uchun biometrik pasport rasmiylashtirish va berishda, konsullik yig‘imini to‘lashda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish tartibi va ozod qilinadigan shaxslar ro‘yxati belgilanmoqda.