2020 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda fuqarolarni qo‘lga olish bo‘yicha harakatlarni ularning protsessual huquqlari tushuntirilgan holda majburiy videotasvirga olish joriy etiladi. Bu prezidentning 13 dekabrdagi Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, jamiyatda jamoatchilik nazorati va huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan qaroridan o‘rin oldi.
Hozirda qonunchilikka tintuv, hodisa joyida ko‘rsatma olish va tergov eksperimenti kabi protsessual jarayonlarni videoyozuvga qayd etish to‘g‘risidagi talablar mustahkamlangan.
Qaror bilan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari shaxsni qo‘lga olgandan keyin zudlik bilan qo‘lga olinganning oila a’zolari, ular bo‘lmagan taqdirda esa qarindoshlari yoki yaqin kishilarini xabardor qilishi lozim.
Hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 iyuldan boshlab qo‘lga olinganlar hamda ularning huquqlarini cheklovchi protsessual choralar bilan bog‘liq boshqa harakatlarni hisobga olish elektron tizimi joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni Konstitsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ushbu tashabbusni ilgari surgan edi. Davlat rahbari o‘shanda huquqni muhofaza qilish organlari faqat xalq manfaatlariga xizmat qilishi lozimligini ta’kidlagan edi.