Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev qotillikda gumon qilinayotgani haqida xabardor qilindi. Bu haqda Koy-Toshdagi voqealar bo‘yicha davlat komissiyasining faoliyati yakunlari muhokamalari choida ichki ishlar vaziri Qashqar Junushaliyev ma’lum qildi, deb yozmoqda «Vecherniy Bishkek».

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ballistik ekspertiza natijalari «Alfa» maxsus xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Usen Niyazbekovning o‘limiga olib kelgan o‘q Almazbek Atambayev nomiga rasmiylashtirilgan karbin miltig‘idan otilganini ko‘rsatdi.

Ichki ishlar vaziri otishmani aynan kim aniq amalga oshirgani hozircha aniqlanmaganligini ta’kidladi.

Qashqar Junushaliyev, shuningdek, keyinroq huquqni muhofaza qilish organlaridan ishdan bo‘shatilgan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanov tomonidan aynan ushbu qurolni o‘qsizlantirganini ta’kidladi.

Usen Niyazbekov 7 avgust kuni Almazbek Atambayevni guvoh sifatida so‘roq qilinishga majburan keltirish bo‘yicha o‘tkazilgan amaliyot vaqtida otib o‘ldirilgan.

Sobiq davlat rahbari tergov tadbirlarida qatnashishdan bosh tortdi va maxsus operatsiya chog‘ida u mudofaalanish uchun o‘z uyiga yashirindi. Amaliyot davomida bir necha maxsus xizmat xodimlari garovga olingan, bir zobit o‘ldirilgan, o‘nlab xavfsizlik kuchlari va tinch aholi yaralangan.