Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistonda barcha umumta’lim maktablari hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida besh kunlik o‘quv haftasini joriy etish taklifi bilan chiqdi.

Ushbu taklif mamlakatda yoshlar turizmini rivojlantirish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasidan o‘rin olgan. Qaror o‘quvchi va talabalar hamda ularning ota-onalari sayohatlarini samarali tashkil etishga qaratilgan.

Bundan tashqari, turizm mavsumini uzaytirish maqsadida yozgi ta’til muddatini qisqartirish hisobidan qishgi ta’til davrini uzaytirish ham taklif qilinmoqda.

2020−2025 yillarda O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida yoshlar o‘rtasida sayohatlarni ommalashtirish, mamlakatga chet ellik yosh sayyohlar kelishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar va loyihalarni amalga oshirish taklif qilinmoqda.

Keltirib o‘tilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilgacha bo‘lgan davrda xorijiy tashrif buyuruvchi yoshlar sonining o‘sish sur’ati o‘rtacha yillik 4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 12 foizni tashkil qilib, 1,5 mln nafardan oshdi. 2019 yilning o‘tgan davrida esa respublikaga 1,75 mlndan ortiq xorijiy yosh turistlar tashrif buyurgan.

Turizm qo‘mitasi 2025 yil yakunlari bo‘yicha chet ellik yosh sayyohlar sonini 4 mln, mahalliy yosh sayyohlar sonini esa 12 mln nafarga yetkazishni maqsad qilgan. Bunga yoshlar turizmi bo‘yicha infratuzilmani yaratish, yoshlarni jalb etuvchi turizm maskanlarini ko‘paytirish, turistik xizmatlarni diversifikatsiyalash va sifatini oshirish hisobidan erishish mo‘ljallanmoqda.