Buxoro viloyatining Peshku tumanida 23 yoshli Sh. Z. mulkiy manfaat berish bo‘yicha o‘z zimmasiga majburiyat olish yo‘li bilan («Moliyaviy piramida») fuqarolarning pul mablag‘lari va mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, joriy yilning yanvar oyidan noyabr oyiga qadar 21 nafar fuqaroning 633 400 dollari va 22,5 mln so‘m pullarini jalb etgan. Ularning oldida olgan majburiyatlarini yangi jalb etilgan pul mablag‘lari hisobidan qisman bajarib, fuqarolarning 577 400 dollari va 22,5 mln. so‘mini qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, fuqaro Sh. Z. jinoiy faoliyati davomida qo‘lga kiritgan mablag‘larining asl xususiyati va manbaini yashirish maqsadida 153 mln so‘mga «Lada Vesta» rusumli avtomashina sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadini legallashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan Sh. Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.