Sankt-Peterburg (Rossiya) Birinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi seshaba kuni 2017 yilning aprelida metroda terakt sodir etganlikda ayblanayotgan 11 kishiga nisbatan 19 yildan umrbod qamoq jazosigacha bo‘lgan choralarni tayinladi. Ayblanuvchilardan hech biri aybini tan olmadi, himoya tomoni ularning oqlanishini so‘radi, deya xabar qildi «Bumaga» nashri.

2017 yil 3 aprel kuni «Sennaya pload» va «Texnologicheskiy institut» stansiyalari o‘rtasida portlash sodir bo‘lgan edi. Hodisa natijasida 16 kishi, jumladan xudkush vafot etdi, 100 dan ziyod kishi jarohatlandi. Ayblov tomoni portlashni 22 yoshli qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilov sodir etgan, o‘sha kuni metroga 2 ta qo‘lbola portlovchi uskunani olib kirgan, deb hisoblaydi. «Pload Vosstaniya» stansiyasidan topilgan bomba zararsizlantirilgan. Tergov talqinicha, uchinchi portlovchi uskunani u sheriklariga bergan.

Sud Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan Abror Azimovni terakt tashkilotchisi sifatida umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Akram Azimov va Muhammadyusuf Ermatovga 28 yildan, Ibrohimjon Ermatovga — 27 yil, Sodiq Ortiqovga — 22 yil, Dilmurod Muidinov, Azamjon Mahmudov, Muhammadyusuf Mirzaalimovga — 20 yildan qattiq tartibli koloniyada, Shohista Karimovaga 20 yil muddatga umumiy tartibli koloniyada, Sayfulla Hakimov va Bahrom Ergashevga 19 yilga qattiq tartibli qamoq jazosi tayinlandi. Ularning barchasi 500 dan 800 ming rublgacha miqdorda jarimaga ham tortildi.

Bundan tashqari, sud metropolitenning 695 ming rubllik fuqarolik da’vosini ham qanoatlantirdi.

Teraktga Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan Sirojiddin Muxtorov buyurtma bergani ma’lum qilindi. Jinoyat ishi materialida qayd etilishicha, u 2013 yilda Suriyada «Katiba Tauxid val-Jihad» terroristik tashkilotiga asos soladi va Jalilovni jalb etadi, tashkilotning ikkinchi rahbari — Bobirjon Mahbubov — yangi kelganlarni tayyorlaydi.

Tergov talqiniga ko‘ra, Abror Azimov xudkushga pul jo‘natib, portlash oldidan unga maslahatlar berish uchun u bilan qo‘ng‘iroqlashadi. Sud majlisida Azimov teraktga aloqador ekanini rad etib, ko‘rsatmalarni tazyiqlar ostida berganini so‘zladi. Ayblov tomoni u ikki yil avval teraktga tayyorlarlikni boshlab yuborgani, bunga Moskva viloyatida yotoqxonadagi qo‘shnilari Shohista Karimova va Sodiq Ortiqovni ham jalb qilganini ma’lum qildi.

Ayblovchi tomon teraktdan ko‘zlangan maqsad Rossiyani Suriyaga harbiy yordam ko‘rsatishdan qaytarish ekaniga ishonch bildirmoqda. Himoya tomoni esa jinoyat motivlari oxirigacha aniqlanmaganini ma’lum qildi.