O‘zbekiston va Eron 2016 yil o‘rtasidan buyon ilk bor muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshladi. Zagros Airlines aviakompaniyasi 9 dekabr kuni Airbus A320−214 samolyotida «Tehron-Toshkent-Tehron» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvozni amalga oshirdi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida reys yo‘lovchilari tantanali ravishda kutib olindi.Foto: Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur yo‘nalishdagi parvozlar haftada bir marta amalga oshiriladi. Keyinroq ular chastotasi haftasiga ikki martagacha oshirilishi mumkin.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati.

«O‘zbekiston va Eron o‘rtasida muntazam parvozlarning tiklanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki beradi», — deyiladi Transport vazirligi xabarida.

Transport vazirligi huzuridagi Fuqarolik aviatsiyasi agentligi Zagros Airlines aviakompaniyasiga noyabrda Tehron va Toshkent orasida parvozlarni amalga oshirishga ruxsat bergan edi. O‘shanda reyslar Airbus A320, McDonnell Douglas MD-82 va MD-83 laynerlarida amalga oshirilishi xabar qilingan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga 3124 nafar Eron fuqarosi tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 25 foizga (2507) ko‘p demakdir.