O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi joriy yil 14 dekabr kuni chaqiriladi. 10 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida tegishli qaror qabul qilindi.

Senat matbuot xizmatining xabar qilishicha, yalpi majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi to‘g‘risida"gi, «Davlat boji to‘g‘risida"gi, «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida"gi, «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida"gi, «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida"gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, Senat a’zolari notariat tizimining tubdan isloh qilinishi, ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni muhokama qiladi.

Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish hamda ularning chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlisda adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek Navoiy viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.

Senatorlar suv ob’ektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qiladi.