O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ota onalarning bolalarini tarbiyalash va o‘qitishdagi majburiyatlarini bajarmaganlari uchun javobgarlikni oshirish hamda pedagoglar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Loyihada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) ko‘zda tutilgan jarimalar miqdorini oshirishni taklif qilmoqda:

  • Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha (hozirda — BHMning 0,5 dan 3 baravarigacha) jarima solishga sabab bo‘ladi;
  • Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — BHMning 5 dan 10 baravarigacha jarima (hozirda — BHMning 3 dan 5 baravarigacha);
  • Bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish — BHMning 10 dan 15 baravarigacha (hozirda — BHMning 5 dan 10 baravarigacha;
  • Huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — BHMning 15 dan 25 baravarigacha jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Hujjatda MJTKga Ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi yangi 197−5-moddani kiritish ham ko‘zda tutilmoqda.

Ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish — fuqarolarga BHMning 5 dan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 7 dan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga BHMning 7 dan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 dan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashilgan yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilingan taqdirda, ta’lim muassasasining pedagogik xodimi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzmasdan o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, vaqtni va bu huquqbuzarlikning mohiyatini, shuningdek ishni hal etish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lmoqda.

Asoslar

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, 23 avgust kuni ta’lim masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident nazorat organiga ota onalarning bola tarbiyasidagi javobgarligini oshirish bo‘yicha choralarni ko‘rishni topshirgan.

Hujjat loyihasini ishlab chiqishda MJTKning 47-moddasi bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish yuzasidan sud amaliyoti tahlil qilindi. Natijada mazkur sohada huquqbuzarliklar soni o‘sgani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Oliy sud taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, yuqoridagi moddaning birinchi va ikkinchi bandlari bo‘yicha 2017 yilda 644 nafar shaxsga nisbatan 495 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, 2018 yilda 1132 nafar shaxsga nisbatan 998 ta ish ko‘rib chiqilgan.

Hujjat loyihasi 21 dekabrga qadar davom etadi.