O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr kuni «Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan, hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasining pastligi, qog‘ozbozlik hajmining yuqoriligi, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan ko‘plab yig‘ilish va majlislar o‘tkazish amaliyoti saqlanib qolmoqda.

Qaror bilan byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi. Buning uchun 2020 yil 1 martga qadar davlat organlaridagi barcha xodimlar va rahbarlar elektron raqamli imzo bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, 1 yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining quyidagilarni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi:

  • texnologik, o‘rmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishish;
  • buzilishi uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan, jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
  • atmosfera havosini ifloslantirishning turg‘un manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bog‘liq faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish;
  • o‘rmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha qaror qabul qilish;
  • bozor faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha qaror qabul qilish.

1 yanvardan prezident va hukumat hujjatlari bilan tuzilgan alohida idoralararo kollegial organlar tugatiladi. Ularning ayrim vakolatlari tegishli davlat organlariga o‘tkaziladi.

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga ikki oy muddatda vaqtni to‘g‘ri tashkil etish va undan foydalanish samaradorligini oshirish texnologiyalari (time management), byurokratiya, qog‘ozbozlik va yig‘ilishlar o‘tkazish amaliyotini bekor qilish bo‘yicha o‘quv дастурини ishlab chiqish hamda, Akademiya va uning filiallarida davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va rahbarlari uchun kurslarni kelishilgan muddatlarda tashkil etish topshirildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur qaror talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish hamda aniqlangan qoidabuzarliklarni keng yoritish tavsiya qilindi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish respublika markazi davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida mazkur qaror talablariga rioya qilish holati bo‘yicha anonim so‘rovnomalar o‘tkazadi.