10 dekabrdan Kavkaz mintaqasidan Kaspiy dengizi orqali O‘zbekistonga antitsiklon kirib kelishni boshlaydi. Bu haqda O‘zgidromet matbuot xizmati xabar qildi.

Seshanba kuni ba’zi joylarda bir oz yomg‘ir yog‘ib o‘tadi, shimolda esa yog‘ingarchiliklar (yomg‘ir, qor) kutilmoqda. Mamlakat hududining katta qismida harorat foni nisbatan iliq bo‘lib, kechasi + 2… +7 daraja, kunduzi +12… +17 darajani tashkil qiladi, shimolda haroratning kechasi 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha, kunduzi +3… +8 darajagacha pasayishi kuzatiladi

11 dekabrda Kavkaz hududidan sovuq havo kirishi bilan ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchayadi. 12−14 dekabrda ob-havoning beqarorligi saqlanadi, ayrim joylarda kuchsiz yog‘ingarchilik kuzailadi, faqat mamlakatning shimoli-g‘arbiy tumanlarida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi.

Sovuq antitsiklon ta’sirida shu kunlarda havo harorati asta pasayib kechasi 0… +3 daraja, kunduzi +8… +11 darajagacha tushadi. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqindir.

O‘tgan dam olish kunlari mamlakat aholisi tuman hodisasini kuzatdi. Mintaqada tuman hosil bo‘lishiga o‘tgan yog‘inlar bilan namlangan iliq tuproqqa sovuq havoning asta sekin oqib kelishi asosiy sabab bo‘ladi. Tumanlar asosan yilning sovuq davrida noyabrdan aprelgacha kuzatiladi, ular ko‘proq dekabr-yanvar oylarida takrorlanadi, deyiladi xabarda.

Asosan kechki, tungi va erialabki soatlarda kuzatiladigan tuman quyosh chiqishi va harorat bir oz ko‘tarilishi bilan tarqalib ketadi.

Tumanlarning davomiyligi har xil. Asosan 3 soatgacha davom etadigan tumanlar kuzatiladi. 12 soatdan ortiq davom etib, meteorologik ko‘rinuvchanlik 50 m va undan kam bo‘ladigan holatlar xavfli ob-havo hodisalariga kiradi. Bunday holatlar aviatsiya va yerusti yo‘l transporti uchun xavf tug‘diradi.