Jahon antidoping agentligi (WADA) Ijro qo‘mitasi Rossiyani to‘rt yil muddatga yirik xalqaro musobaqalardan chetlashtirdi, deya xabar berdi «R-Sport».

Rossiya antidoping agentligi (RUSADA) WADA Muvofiqlik qo‘mitasi (CRC) tavsiyalari asosida Jahon antidoping kodeksiga muvofiqlik maqomidan mahrum qilindi.

Endilikda ushbu davlatga to‘rt yil davomida xalqaro musobaqalarni o‘tkazish taqiqlandi, yirik musobaqalarda faqatgina «toza» sportchilar neytral maqom ostida qatnashishlari mumkin. Rossiya terma jamoalari o‘z bayroqlari ostida ishtirok eta olmaydi.

Olimpiya qo‘mitasi oliy rahbariyatiga, jumladan ijro qo‘mitasining barcha a’zolariga to‘rt yil davomida yirik musobaqalarga borish taqiqlandi.

«Barchasi qayg‘uli yakunlandi, biroq kutilgan edi. WADA ijro qo‘mitasi barcha tavsiyalarni qabul qildi, ular bir ovozdan qabul qilishdi, qo‘llab-quvvatlagan yoki rozi bo‘lmagan bir kishi ham bo‘lmadi», -dedi RUSADA direktori o‘rinbosari Margarita Paxnotskaya Novosti RAAga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik sportchilar va murabbiylar jahon antidoping kodeksiga rioya qilmaslikka aloqador emasligini isbotlagan taqdirda, xalqaro musobaqalarga qatnasha olishlari mumkin.

RUSADA 21 kun davomida WADA qaroriga qarshi da’vo kiritishi mumkin. Agarda RUSADA apellyatsiyaga berishdan bosh tortsa, buni Rossiya Olimpiya qo‘mitasi va Rossiya Paralimpiya qo‘mitasi, shuningdek, xalqaro sport federatsiyalari rahbarlari amalga oshirishlari mumkin.

WADA 2015 yil noyabrida Rossiya ko‘p marotaba antidoping qoidalarini buzganini ma’lum qilib, Moskvadagi antidoping laboratoriyasi faoliyatini to‘xtatgan edi.