5 dekabr kuni Toshkentda «Madad» nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) markaziy ofisi ochildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Adliya vazirligi. Muassasa aholiga bepul yuridik maslahatlar berib, amaliy huquqiy yordam ko‘rsatadi.

«Madad» NNT Vazirlar Mahkamasining 6 sentyabrdagi qarori bilan tashkil etilgan. Tashkilotga tumanlarda (shaharlarda) shu nomdagi yuridik maslahat byurolarini ochish topshirilgan. Bundan tashqari, «Madad» aprelda ishga tushirilgan Advice.uz milliy huquqiy portali faoliyatini ham ta’minlaydi.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda muassasaning 14 ta hududda 28 ta tuman (shahar) huquqiy maslahat byurolari tashkil etildi. 2020 yilda joylarda yana 100 ta shunday maslahat byurolari ochiladi. Kelgusida bosqichma-bosqich ravishda har bir tumanda maslahat byurolari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

«Madad» byurosi faoliyati xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirish hamda ular sonini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, ular yordamida aholini bepul yuridik xizmat bilan qamrab olish darajasini 50 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.