O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan marosimda milliy strategiya doirasida inson huquqlari o‘qitishning uzluksiz tizimini yaratish vaqti kelganini ma’lum qildi.

«Milliy strategiya doirasida inson huquqlarini o‘qitishning uzluksiz tizimini yaratish, umumta’lim maktablari, oliy o‘quv yurtlari, kadrlarni qayta tayyorlash markazlarida „Inson huquqlari“, „Bola huquqlari“, „Ayollar huquqlari“ nomli maxsus o‘quv kurslarini joriy etishning vaqti-soati keldi, deb o‘ylayman», — dedi davlat rahbari o‘z nutqida.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirishimiz lozim, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan uch yilda jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Tintuv jarayonini, olingan ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni video tasvir orqali qayd etish shartligi qonuniy asosda belgilandi, dedi prezident.

Biroq aholi bilan muloqotlar huquq buzilishi xavfi bo‘lgan boshqa holatlar bo‘yicha ham shunday choralarni qo‘llash zarurligini ko‘rsatmoqda, deya ta’kidladi davlat rahbari. Xususan, shaxsni ushlab turish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini o‘rnatish zarur.

«Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan shaxs maxsus binoga olib kelinganidan keyin bu haqda uning oila a’zolari darhol xabardor qilinishi kerak. Buni surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyati sifatida qonunda aniq belgilab qo‘yishni taklif etaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, prezident shaxsni ushlab turish va uning huquqini cheklaydigan boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llash holatlarini hisobga olishning elektron tizimiga ўтишни taklif qildi. Bu jarayonda inson omili ishtirokini iloji boricha kamaytirish lozim, dedi u.

2020 yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Shu orqali surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida muvozanatni, ya’ni o‘zaro tiyib turish tamoyillarini ta’minlash imkoni yaratiladi. Bunday muhim o‘zgarish ham bizning tajribamizda birinchi marta joriy etilmoqda, deya ma’lum qildi davlat rahbari.

«Sir emas, ilgari prokuratura idoralari nihoyatda yopiq, nazoratdan xoli bir organga, ta’bir joiz bo‘lsa, oxirgi instansiyaga aylanib qolgan edi. Buning oqibatida qancha-qancha odamlar nohaq jabr chekkani, adolatsizlikka duchor bo‘lgani ham ayni haqiqat. Qanchalik og‘ir va noxush bo‘lmasin, biz shu haqiqatni tan olib, bu sohada qonuniylik va adolatni qaror toptirishga kirishdik», — dedi prezident.

Prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish bo‘yicha rivojlangan demokratik mamlakatlarda amal qiladigan bunday tajribani joriy etish hayotimizda adolat mezonini mustahkamlashda ulkan qadam bo‘ladi, deya ishonch bildirdi u.

Shavkat Mirziyoyev sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash eng ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim, dedi u.

Prezident keyingi paytda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari faoliyatidagi kamchiliklarga taalluqli ekanini ma’lum qildi. Shuni inobatga olib, ushbu idoralar xalq bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini yaratishi zarurligi ta’kidlandi. Har bir ariza va shikoyatning qonuniy yechimi ana shu idoralar rahbarlari faoliyatiga berilgan baho bo‘lishi aytib o‘tildi.

«Bunday yangi o‘zgarishlarni avvalo, xalqimiz, jumladan, yurtimizda qonun ustuvor ekaniga ishonib sarmoya kiritayotgan chet ellik hamkorlarimiz har tomonlama his qilishlarini istardim», — dedi davlat rahbari.