Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi (Rossiya) Tazov tumani Pyakyaxin konida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi, yana biri kuyish jarohati oldi va shifoxonaga yotqizildi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi Yekaterinburgdagi Bosh konsulxona ma’lumotlariga tayangan holda.

Hodisa 8 dekabr kuni kon hududidagi yashashga mo‘ljallangan vagonchada sodir bo‘ldi, yong‘in to‘g‘risidagi xabar mahalliy vaqt bilan 5:30 da kelib tushdi, deya xabar qildi Rossiya FVVning YANAO bo‘yicha bosh boshqarmasi. Olov 20 kv. m. lik inshootni to‘liq yo‘q qilgan.

O‘zbekiston FVVning aniqlik kiritishicha, halok bo‘lganlar va jarohatlangan shaxs «Stroy Proyekt Servis» tashkilotida ishlagan. Yong‘in sabablari hozircha aniqlangani yo‘q. Hozirda vafot etganlarning jasadlarini vatanga qaytarish bo‘yicha tashkiliy tadbirlar olib borilmoqda.

Vafot etganlar ro‘yxati:

1. Ergashev Abdumalik Yaxshilikovich (1972 y. t.)

2. Aliqulov Safarali Suyun o‘g‘li (1998 y. t.)

3. Jumoyev Ergash Binoyevich (1983 y. t.)

Jabrlanganlar ro‘yxati:

1. Omonov Tolibjon Bo‘tayevich (1966 y. t.)