6 dekabr kuni erta tongda Qashqadaryo viloyati Koson tumani «Boyg‘undi» mahallasida 17 yoshli B. N. yashash hovlisiga o‘rnatilgan temir turnikka osilgan holda topildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

O‘smirni akasi ko‘rib qolib, sirtmoqni pichoq yordamida kesadi va uni Koson tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga o‘lik holatda olib borgan.

Tergovga qadar tekshirish davomida voyaga yetmagan B.Nning o‘z joniga qasd qilganligi hodisasi yuzasidan uning otasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashilganda, ular oilasida urush-janjal bo‘lmaganligi, marhum doimiy ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib kelishligi, voqea sodir bo‘lgan kuni ham ertalab yugurish mashqini qilib, turnik tomonga o‘tib ketganligi, bir ozdan so‘ng, uni shu turnikda osilgan holda topishganligini bildirishgan.

Voyaga yetmagan B.N.ning jasadi ko‘zdan kechirilganida, uning tanasida osishga xos jarohatdan boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan.

Hodisa bo‘yicha Koson tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.