Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi. U o‘z nutqining bir qismini qonun ustuvorligi va jamoatchilik nazoratini ta’minlashga bag‘ishladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q, dedi davlat rahbari.

«Xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini ta’minlash qiyin bo‘ladi. Bugun jamoatchiligimiz tom ma’noda uyg‘ondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, o‘z fikrini erkin ifoda etishga o‘rganmoqda», — deya ta’kidladi u.

«Fuqarolarimiz va deputatlarimiz bildirgan fikrlar asosida maktablarga mebel va kompyuterlar xarid qilish uchun byudjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Bunday ijobiy holat bizning tajribamizda birinchi marta yuz berayotganini alohida qayd etish lozim», — dedi prezident.

«Avvallari byudjet taqdim qilingan, deputatlar nima deyishlaridan qat’i nazar hech narsa hisobga olinmagan. [Biroq bu safar] ular shart qo‘yishdi. Aks holda [byudjet to‘g‘risidagi qonun] qabul qilinmasligini aytishdi… Qanday katta ishlarni boshlaganimizni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Biroq oddiy odamlar oldida qancha muammolarimiz bor? Bunga ko‘z yumib bo‘ladimi? Hech qachon. Biz katta zavod quramiz, lekin odamlar ehtiyojlari bilan bog‘liq muammolarni hozircha hal qila olmaymiz. Maktablarda, maktabgacha ta’limda, yo‘l, gaz, chiroq… yana qancha muammolarimiz bor. Barchangiz uch yil ichida bularning hammasini darhol qilib bo‘lmasligini bilishingiz kerak. Xohish, albatta, bor, biroq vaqt, tushunish, sabr talab qiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, bolalarni erta yoshdan shu ruhda tarbiyalash lozimligini ta’kidladi. U nima uchun davlat byudjeti bundan keyin prezident qarori emas, balki qonun sifatida qabul qilinishini eslatib o‘tdi.

«O‘zim buning tashabbuskori bo‘lganman. Byudjetni prezident imzolamaydi, u Oliy Majlisda qonun ko‘rinishida qabul qilinadi. Nima uchun? Xalq fikri ustuvor bo‘lishi kerak. Davlat, xalq byudjetning har bir so‘midan xabardor bo‘lishi lozim. Mablag‘lar qayerga sarflanmoqda? Qanday maqsadlarda? Bu maqsadlimi yoki yo‘q? Nima uchun byudjet qonun ko‘rinishida qabul qilinmoqda? Bu nimani anglatadi? Bu qonunni avvallari vazirlar… katta byurokratlar qilganidek emas, balki hech kim xohlaganicha o‘zgartira olmasligini anglatadi. Xalq talab qilmoqda — demak bu amalga oshirilishi kerak!» — dedi davlat rahbari.

«Qancha ko‘p talab qilsak, deputatlar ham, ijroiya hokimiyati ham o‘zgarishga majbur bo‘ladi. Chunki xalq buni talab qilmoqda. Ammo biz odamlarimizning huquqiy ongini, ularning talabchanligini oshirishimiz zarur», — deya qo‘shimcha qildi u.

Prezidentning fikriga ko‘ra, huquqiy ong va huquqiy madaniyatning oshishi jamiyatda mas’uliyat va aloqadorlik hissining o‘sishiga ijobiy ta’sir qiladi.

«Mana, men har kuni deputatlarning munozaralarini ko‘raman. Ular kechagi nomzodlar emas. Deputatlar o‘zgarmoqda. Tasavvur qiling-a, bir yilda, ikki yilda, uch yilda, besh yilda, deputatlar ijro etuvchi hokimiyatni tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida ishlashga qanday majbur qilishni o‘rganadilar. Bizning jamiyatimiz qanday o‘zgaradi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik nazorati «bir tomonlama vosita»ga aylanib qolmasligi kerakligini ta’kidladi. «Davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki o‘zlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis ko‘rib chiqishlari lozim».

Davlat rahbari prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi 2020 yilda har bir soha va tarmoq bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan tizimini yaratishga bosh-qosh bo‘lishi va tashabbus ko‘rsatishi lozimligini ma’lum qildi.

«Konstitutsiyaga ko‘ra, sudlar o‘z faoliyatida mustaqildirlar. Biroq ularni xalq chinakamiga nazorat qilishi lozim… Shuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati — bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o‘zini o‘zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir», — dedi prezident.