Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari shanba kuni mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda to‘xtalib o‘tdi.

«Yana bir marta takrorlayman. Buni hamma bilishi kerak. O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi u.

Ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam «jamiyat ko‘zgusi»ga aylanishi kerak, deya ta’kidladi prezident.

«So‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar o‘tgan uch yilda jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi. Bu haqiqat. Buni o‘zimiz his qilmayapmiz, ammo jamiyat ham, so‘z erkinligi ham o‘zgardi. Tasavvur qiling-a, ikki-uch yil avval kimdir televizor yoki gazeta orqali bunday savollarni bera olganmi? 30 yilda nima bo‘lganu, oxirgi uch yildagi farqni go‘yoki hech kim sezmayotgandek. Chunki o‘zimiz o‘zgarmoqdamiz, odamlarning talablari va muammolari o‘zgarmoqda. Ijro hokimiyati ham o‘zi bilmagan holda o‘zgarmoqda. O‘zgarayapti. Ularning ongi o‘zgarmoqda. Buning uchun madaniyat, vaqt, tushunish, eng asosiysi — [huquqiy] madaniyat va yana bir marta madaniyat kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident demokratik islohotlar natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undayotganini ta’kidladi.

«Shu sababli ham davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka to‘liq va tezkor yetkazish maqsadida ularning har birida matbuot xizmati ish boshladi. Aslida, demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak. Agarda o‘rganmasak, ertangi islohotlar amalga oshmaydi. Biz o‘rganishga majburmiz. Bularning barchasini tushunish kerak. OAV — hayotimizning ko‘zgusi. Agar siz haq va ochiq bo‘lsangiz, ularga hamma narsani ayting: „Men shunday qilishni xohlayman, shunday bo‘ladi, bu — bugun, bu — ertaga“. Qo‘rqishga hojat yo‘q. Ularga: „Buni bir kunda qilamiz“, — deydigan vaqt keldi. Qog‘oz hamma narsaga dosh bergan vaqtlar o‘tdi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda an’anaviy axborot vositalari bilan birga Internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol o‘ynayotganini ta’kidladi.

«Davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik faoliyatimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish maqsadida biz fuqarolarning so‘z erkinligi, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ijrosini amalda to‘liq ta’minlashimiz zarur. Buning uchun esa birinchi galda ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunchilikni takomillashtirish kerak va biz bu borada faol ish olib bormoqdamiz», — dedi davlat rahbari.

«Yagona maqsad — xalq ehtiyojlarini qondirish va odamlar hayotini yaxshilash. Biz bunga intilishimiz kerak. Tanqid, albatta, kerak. Tanqid bo‘lsa, xulosalar ham bo‘ladi. Biroq hozirda izlanishdamiz, o‘rganishdamiz. Biz yangi O‘zbekistonni qurmoqdamiz, biz tirgak bo‘lishimiz, bir-birimizga suyanishimiz va asosiysi xalqning ehtiyojlariga javob berishini tushunishimiz kerak. Agar biz birlashsak, natija butunlay boshqacha bo‘ladi», — dedi prezident.

Davlat rahbari yirik demokratik davlatlar darhol demokratik mamlakatga aylanib qolmaganini ta’kidlab o‘tdi.

«Odamlar ongli ravishda, umid va ishonch bilan [demokratiyaga o‘tishgan]. Ikki tomon bir xilda harakat qilsa, natija bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.