Toshkent IIBB xodimlari 8 dekabrga o‘tar kechasi mast holda mashina boshqargan va xodimlarga pichoq bilan tahdid qilgan haydovchini qo‘lga olish uchun quroldan foydalanishga majbur bo‘ldi. IIBB matbuot xizmati hodisa tafsilotlarini e’lon qildi.

Taxminan 3:10 da Chilonzor tumanida Muqimiy va Baynalmilal ko‘chalari chorrahasida Labo avtomobili haydovchisi beton to‘siqqa urilib, mashina ag‘darilib ketadi. IIBB xodimlari va guvohlar yordamga oshiqadi va avtomobilni o‘nglab qo‘yadi.

«Labo» haydovchisi kabinadan chiqmas edi. Voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan PPX xodimi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga YTH haqida xabar berdi. Haydovchidan tibbiy yordam kerakligi haqida so‘ramoqchi bo‘lganida, PPX xodimi haydovchining g‘ayritabiiy harakatlari va gaplariga, hamda harakatlarida muvofiqlik yo‘qligiga e’tibor qaratib, bu haqda YPX inspektorlarini ogohlantirgan edi.

Taxminga ko‘ra haydovchi psixotrop vositalar yoki spirtli ichimliklar ta’siri ostida bo‘lgan. Kutilmaganda haydovchi YTH joyiga yetib kelgan YPX inspektorlariga qarshilik ko‘rsata boshlab,tinchlanish va jamoat tartibini saqlash haqidagi chaqiruvlarga javoban tajovuzkorona harakatlar qilgan.

Yonidagi pichog‘ini chiqarib, kimda kim yaqinlashsa unga jarohat yetkazishi bilan qo‘rqitardi. O‘tib ketayotgan haydovchi va piyodalar to‘xtab tomosha qila boshlaganlari sababli hodisa atrofida odam ko‘paya boshlagach, fuqarolar va xodimlar hayoti va sog‘lig‘i uchun real xavf yuzaga keldi. Shunda YPX inspektori kichik serjant T.O. tabel qurolini qo‘llashga qaror qiladi.

Foto: Toshkent IIBB.

YPX inspektori bir necha marta haydovchini qo‘rol qo‘llashi haqida ogohlantirishiga qaramasdan, haydovchi o‘zini agressiv tutishda davom etib, xodimlarga pichoq sanchmoqchi bo‘lgan. Shundan so‘ng YPX inspektori yo‘riqnomaga muvofiq harakat qilib, osmonga o‘q uzdi, bu ham qoidabuzarga ta’sir qilmaganidan so‘ng, uning oyog‘iga qarata o‘q o‘zdi. Faqatgina shundan so‘ng qoidabuzar pichog‘ini tashladi. Uning qo‘llari kishanlanib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yetkazildi.

Haydovchining shaxsini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida u — Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 («Qasddan odam o‘ldirish») va 109-moddalari («Qasddan badanga yengil shikast yetkazish») bo‘yicha sudlangan 43 yoshli Nusrat I. ekanligi ma’lum bo‘ldi.

«Labo» avtomobili salonida ochiq holatdagi aroq va konyak shishalari topildi. Hozirgi vaqtda fuqaro Nusrat I. o‘z harakatlarini tushuntirishga qodir emas, chunki u ayni damgacha mast holatdadir. Chilonzor tumani prokuraturasi Nusrat I.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi masalasi bilan shug‘ullanmoqda. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Djurayev R. xodimlarni rag‘batlantirish haqida topshiriq berdi.