O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi, deya xabar qildi O‘zA.

Farmonga muvofiq O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan hamda O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 92 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 20 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 37 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 16 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir so‘z bilan aytganda, 73 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda va probatsiya xizmati organlari nazoratidan olinmoqda. Shuningdek, 19 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 3 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 3 nafarini ayollar hamda 79 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.