O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi iste’mol savatchasi va yashash minimumi bo‘yicha tajriba yakunlarini qo‘rqish emas, ehtiyotkorlik sababli e’lon qilmayapti. Bu haqda o‘tgan shanba kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 24-yalpi majlisida iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xodjayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iste’mol savatchasi hajmini belgilash va uning asosida yashash minimumini aniqlash metodologiyasi ishlab chiqilgan. Hozirda metodologiya bir qator hududlar, jumladan Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.

«Biz faqatgina xalqaro tajribalarga tayanmadik, balki shaharlar, qishloqlar va boshqa hududlar kesimida tarixiy va boshqa nuqtai nazarlardan mamlakat ichidagi iste’molni ham hisobga oldik», — dedi Botir Xodjayev.

Vazir tajriba turli ijtimoiy-demografik guruhlar — bolalar, mehnatga layoqatli fuqarolar, pensionerlar bilan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Sinov ishlari 2019 yil 1 yanvarda boshlangan, natijalar esa har chorak yakunida Vazirlar Mahkamasiga kiritilmoqda.

«Qayd etish joizki, bu barcha davlatlardagi xalqaro amaliyotda qo‘llanilayotgan metodika emas. Bu MDHning ayrim davlatlarida qo‘llanilayotgan metodologiya va tajriba. Masalan, Qozog‘iston, Rossiya va bir qator davlatlarda. Agarda Rossiya tajribasi olinsa, u holda yashash minimumi va eng kam oylikni aniqlash uchun taxminan 10 yil talab qilingan. Bu ikki ko‘rsatkichni (iste’mol savatchasi va yashash minimumini) tenglashtirish uchun bir necha yil kerak bo‘ladi», — dedi Botir Xodjayev.

Tajriba natijalari nima uchun e’lon qilinmayotgani haqidagi savolga Botir Xodjayev quyidagicha javob berdi: «Iqtisodiyot va sanoat vazirligi natijalarni e’lon qilishdan qo‘rqayaptimi yoki ehtiyot bo‘layaptimi? O‘ylaymanki, ehtiyot bo‘lmoqda».

Vazir barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar inflyatsiyaga kuchli ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab o‘tdi. U 2020 yil va keyingi ikki yilda 2019 yildagi 15,5 foizdan 2022 yilda 9,5 foizgacha pasayishi kutilayotganini eslatib o‘tdi.

«Albatta, iste’mol savatchasi va yashash minimumini hisob-kitob qilishda inflyatsiya muhim rol o‘ynaydi… Bu raqamlar (tajriba yakunlari — tahr.) Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga tegishli. Agarda biz ularni e’lon qilsak, har bir kishi, har bir [demografik] guruh uni o‘zida sinab ko‘radi. Bu to‘g‘ri izoh va tahlillarni berishda murakkablikni keltirib chiqaradi. Yil yakunlari bo‘yicha ishlar yakuniga yetganidan so‘ng biz hukumatga hisobotlarni topshiramiz», — deya xulosa yasadi vazir.