Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘qituvchilar bilimini aniqlash maqsadida Sirdaryo viloyatida test sinovlari o‘tkazildi. Unda viloyatdagi 12261 nafar pedagog va maktab direktorlarining 66 foizi qoniqarsiz baho oldi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Tadbirda xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov, vazirlik markaziy apparati xodimlari Mirzohid Ibragimov va Hikmatulla Daminov, shuningdek Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish instituti xodimi Farhod Karimov ishtirok etdi.

Alisher Umarovning qayd etishicha, o‘qituvchilarning majburiy mehnat va davriy nashrlarga majburiy obunasi bilan bog‘liq masalalar o‘tmishda qoldi. Endilikda vazirlik oldidagi asosiy vazifa ta’lim sifatini oshirish va o‘qituvchilarining jamiyatdagi obro‘sini ko‘tarishdan iboratdir. Mamlakatdagi 10 mingdan ziyod maktablarda 466462 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. ularning 3,1 foizi oliy, 14,6 foizi birinchi toifali. 13,4 foiz pedagoglar oliy ma’lumotga ega emas. Vazirlik fikricha, bu o‘qituvchilar o‘z ustida ishlamayotganidan darak beradi.

«Ta’lim sifati bo‘yicha namunali viloyat» loyihasi amalga oshirilayotgan Sirdaryo viloyatida o‘qituvchi va maktab direktorining yarmidan ko‘pi test sinovlaridan o‘ta olmadi. Bu test sinovlariga o‘qituvchilar uchun davlat tili va mutaxassislik fani, direktorlar uchun esa davlat tili va boshqaruv bo‘yicha bilimlar kiritilgan edi. Ushbu o‘qituvchi va direktorlar uchun malaka oshirish bo‘yicha yillik individuao rejalar ishlab chiqildi. Xuddi shunday loyiha Surxondaryo viloyatida ham o‘tkazilmoqda.

O‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun ularning maoshlari 2,5 barobarga oshirildi va hozirda oliy toifali o‘qituvchi 2,6 mln so‘m oylik olmoqda. Prezident qarori bilan xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilariga bir martalik mukofot joriy etildi. Xususan, oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchi 111,5 mln so‘m, o‘qituvchisi esa 100 mln so‘mdan ziyodroq miqdorda mukofot oladi. Yaqinda kimyo bo‘yicha xalqaro olimpiadada kumush medal sohibi bo‘lgan o‘quvchiga 66,9 mln so‘m, o‘qituvchisiga esa 55,75 mln so‘m topshirildi.

Ta’limda yangi uslublar lokomotivi bo‘lishi kerak bo‘lgan metodistlar o‘z vazifalarini bajarayotgani yo‘q va asosan o‘qituvchilarning qog‘ozlarini tekshirish bilan shug‘ullanmoqda, deyildi tadbirda. Bunga oylik maoshlarining kamligi natijasida ushbu lavozimlarga tajribali o‘qituvchilarni jalb qilish qiyin bo‘layotgani sabab qilib ko‘rsatildi. Vazirlik metodist lavozimi o‘rniga oliy toifali o‘qituvchidan 1,35 baravar ko‘proq maosh oladigan mentor lavozimini joriy etishни taklif qilmoqda.

O‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini yaxshilash uchun Avloniy nomidagi institut negizida Xalq ta’limi akademiyasi tashkil etiladi. Hududiy malaka oshirish institutlari pedagogik mahorat institutlari etib qayta tashkil etiladi. Mustaqil malaka oshirishni tan olish tizimi hamda har bir pedagogning malaka oshirishini individual monitoring qilish bo‘yicha elektron platforma joriy etiladi.

An’anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy o‘quvlarning masofaviy (Moodle, E-learning, Web-based training) va uyg‘unlashgan (blended-learning) shakllarini, shuningdek, xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning belgilangan davriylikka rioya qilingan holda, tajriba tariqasida, xodimlarni har yili o‘qishga jalb qilishni nazarda tutuvchi kredit-modul mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish taklif etilmoqda. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda ilk bor 5800 nafar o‘qituvchi masofaviy malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi, murabbiy sifatida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa davlatlardan mutaxassislar jalb etildi.

Xalqaro reytinglarda eng kuchli 500 ta OTMlar bitiruvchilari maktablarda qayta tayyorlashlarsiz saboq berishlari mumkin. Milliy OTMlarning barcha yo‘nalishlaridagi magistratura bitiruvchilari ham xuddi shunday huquqqa ega — buning uchun magistratura dasturlariga pedagogika bo‘yicha kurslar kiritildi.

Vazirlik 2021 yil 1 yanvardan boshlab xalq ta’limi muassasalari rahbarlari uchun davriyligi 3 yildan iborat, o‘qituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy litsenziyalash tartibi bosqichma-bosqich joriy etishni ham taklif etmoqda.

Alisher Umarov o‘qituvchilarni litsenziyalash AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, BAA kabi davlatlarda ham mavjud ekani, ushbu davlatlarda OTM diplomlari maktabda ishlash uchun yetarli emasligini ta’kidlab o‘tdi.

Qayd etilishicha, malaka toifasi bo‘lmagan o‘qituvchi kasbiy litsenziya olganidan so‘ng uning mehnatiga haq to‘lash shartlari ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarga tenglashtiriladi.

«Tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, oliy o‘quv yurti diplomiga ega mutaxassis har doim ham maktabda dars berishga tayyor bo‘lmaydi. Misol uchun, mutaxassisda pedagogik va bolalar bilan ishlash ko‘nikmasi yo‘q. Bolalar psixologiyasini bilmaydi. Natijada o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida turli nizolar kelib chiqmoqda. Litsenziyalash tartibi joriy etilishi malakali, bilimli, pedagogik mahoratga ega va psixologik bilimga ega o‘qituvchilarni tanlash imkonini beradi. Bu bilan biz bolalarni himoya qilamiz va ta’lim sifatini ta’minlaymiz», — deyiladi XTV xabarida.