Toshkentning bir qator tumanlarida gaz bosimining tushib ketishiga sabab bo‘lgan gaz quvurini qayta tiklash ishlari boshlandi. Bu haqda «O‘ztransgaz» matbuot xizmati xabar qildi.

«Darhaqiqat, Rohat mavzesi tomondan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan Toshkent halqa yo‘li bo‘ylab yer usti metro qurilishi vaqtida, zarurat tufayli, 1,5 km uzunlikdagi gaz quvuri demontaj qilindi. Shu sababli sovuq kunlarda shaharning ayrim hududlarida tabiiy gaz taqchilligi kuzatildi», — deya xabar qildi kompaniya.

Bugungi kunda, gaz quvurini tiklash bo‘yicha qurilish ishlari olib borilmoqda, Qo‘ylik dexqon bozori yaqinidagi halqa yo‘li yoqalab 800 metr gaz quvurlari yotqizildi. Qayta tiklanadigan gaz quvurining uzunligi 1,5 kmdan ortiq, diametri 700 mm. Qurilishga 35 dan ortiq mutaxassislar va 14ta maxsus texnika jalb etilgan. Qurilish ishlari tunu-kun tashkil etilgan. «O‘ztransgaz» noqulaylik uchun uzr so‘radi.

Gaz quvurining qachon demontaj qilingani va uni qayta tiklash bo‘yicha ishlar qachon yakuniga yetishi haqida aniq ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Bundan tashqari, 29 noyabr kuni Facebook-guruhlaridan birida Toshkentdagi Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari chorrahasida uch darajali ko‘prik qurilishi vaqtida ham magistral gaz quvurida demontaj ishlari olib borilgani haqidagi anonim xabar e’lon qilindi. «Gazeta.uz»ning vaziyatdan xabardor axborot manbalari ushbu xabarni tasdiqladi.

Ma’lumki, taxminan 22 noyabrdan buyon Toshkentning Mirobod, Chilonzor, Sergeli, Shayxontohur va Uchtepa tumanlarida gaz bosimining pasayishi holatlari kuzatilmoqda.