«O‘zneftgazinspeksiya» 22-noyabr kunidan 1 dekabrgacha Toshkent viloyatidagi 72 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida (AGTKSH) tekshiruv o‘tkazdi. O‘rganishlarda «Hududgazta’minot» gaz ta’minoti korxonasiga jami 30 mlrd 441 mln so‘m zarar keltirilganligi aniqlandi, deya xabar qildi Energetika vazirligi va inspeksiya matbuot xizmatlari.

Ekspert xulosasiga ko‘ra, gaz hisoblash uskunalariga qasddan tashqi ta’sir ko‘rsatilgan — hisoblagichlarga ularga ulangan kompyuterlar yordamida shoxobchaga kirib kelayotgan tabiiy gazni hisobga olish konfiguratsiyasiga o‘zgartish kiritilgan.

Majburiy ijro byurosi xodimlari Yangiyo‘l tumanidagi «Yuksak samara metan gaz» stansiyasiga 1,2 mlrd so‘m, «Ravnaq gaz metan servis» — 979,2 mln so‘m, «Hamkor gaz servis» — 1,8 mlrd so‘m, Bekoboddagi «Pegas petrolium gaz» stansiyasiga — 1,5 mlrd so‘m, Ohangaron tumanidagi «Optima gaz servis» stansiyasiga — 1,8 mlrd so‘m, Yuqorichirchiq tumanidagi «Oqqo‘rg‘on eko gaz» stansiyasiga — 604,8 mln so‘m, O‘rtachirchiq tumanidagi «To‘ytepa voha gaz» stansiyasiga — 756 mln so‘m, Qibray tumanidagi «Diydor» stansiyasiga — 1,1 mlrd so‘m, Chinoz tumanidagi «Eko gaz oil» stansiyasiga — 1,6 mlrd so‘m, Angrendagi «Intensiv gaz kompres» statsinyasiga — 1,5 mlrd so‘m va Angrendagi «Yangiyo‘l metan gaz» stansiyasiga — 3,5 mlrd so‘mlik dalolatnomalarni rasmiylashtirdilar.

Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida ham tabiiy gaz talon-taroj qilingani holatlari qayd etildi. Jumladan, PROMEDGAZ stansiyalarida 972 mln so‘m, «Bog‘don gaz servis»da — 648 mln so‘m, «Ilin gaz oil»da — 777,6 mln so‘m, «Ziyo nur metan servis»da — 11,4 mlrd so‘mlik mablag‘lar qayta hisob-kitob qilindi.

Qashqadaryo viloyatidagi «Shaymardon bobo Po‘lat o‘g‘li» (1,3 mlrd so‘m) va Buxoro viloyatidagi «Romitan trans invest» (246 mln so‘m) metan quyish stansiyalarida ham tabiiy gaz talon-taroj qilingani aniqlandi.

Tekshiruv natijalari huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.