1 dekabr kuni Sankt-Peterburgning Primorskiy shossesida 211-soni avtobusda yong‘in chiqdi. Haydovchi — O‘zbekiston fuqarosi Abdumannon Qarshiyevning tezkor harakatlari evaziga hech kim jabrlanmadi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Abdumannon Qarshiyev 43 yoshda, u 2016 yildan buyon «Tretiy park» kompaniyasida ishlab kelmoqda. Shu kuni avtobus o‘z yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan edi.

«Peterburgskiy dnevnik» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi soat 12 ga yaqin avtobus ortidan qora tutun chiqayotganini ko‘rib qoladi va «Baltiyets» mehmonxonasi yaqinida to‘xtab, uchta eshikni ochadi va evakuatsiya haqida e’lon qiladi. Yo‘lovchilar vahimalarsiz avtobusni tark etadi va keyingi avtobus bilan yo‘llarida davom etadi.

Haydovchi o‘t o‘chiruvchi moslama bilan mustaqil ravishda olovni o‘chirishga urinib ko‘radi. «Afsuski amaliyotda ko‘rilgani kabi agarda avtobus yonishni boshlasa, uni o‘t o‘chirish moslamasi singari lokal vositalar bilan so‘ndirishning iloji yo‘q. Bu tekshirilgan», — deya «Tretiy park» matbuot xizmatidan iqtibos keltiradi «Peterburgskiy dnevnik».

«Kompaniyadan murakkab vaziyat bo‘lishiga qaramasdan haydovchining qahramonona harakati va yuqori professionalligini, uning o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdan, yo‘lovchilarni yonayotgan avtobusdan chiqarib yubora olganini e’tirof etildi», — deyiladi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabarida.