Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida qarorni imzoladi.

Hujjat O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asl mazmuni va mohiyati haqida xolis xabarlarni aholining barcha qatlamlariga hamda dunyo hamjamiyatiga tezkorlik bilan va sifatli yetkazish, milliy axborot makonini rivojlantirish, global axborot maydonida respublikaning o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Qarorda qayd etilishicha, matbuot, ommaviy axborot vositalari, axborot tarqatish, aholini xolis va tezkor axborot bilan ta’minlash, mamlakatimizda sodir bo‘layotgan yangiliklarni chet davlatlarga, chet davlatlardagi voqea-hodisalarni mamlakatimiz aholisiga tezkorlik bilan yetkazish bo‘yicha amaldagi tizim bugungi kun talablariga javob bermayapti.

O‘zAning asosiy vazifalari etib respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni, qonunlari, prezident qarorlari, rasmiy bayonotlari va ma’ruzalarini, shuningdek, Oliy Majlis palatalari va Hukumat qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish kabilar belgilandi.

Jamoatchilikning katta qiziqishini uyg‘otayotgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda ma’lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borish ham asosiy vazifalar ro‘yxatidan joy oldi.

Agentlik boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy va madaniy rivojlanishiga oid ma’lumotlar (axborot, foto va video materiallar) bazasini shakllantiradi. Shuningdek, o‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning ko‘p yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

O‘zA tarkibida Mediamarkaz tashkil etiladi. Ushbu markaz axborot-tahliliy va multimedia materiallar, eshittirish va ko‘rsatuvlar, voqea joyidan onlayn reportajlar tayyorlaydi, audio va video materiallarni qayta ishlaydi va ularni ommaviy axborot vositalariga belgilangan tartibda yetkazib beradi.

O‘zA huzurida uning faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha Maslahat kengashi ham tashkil etiladi.

Qarorda 2020 yil 1 mayga qadar muddatda foydalanuvchilar uchun qulay, audio va video axborotlarni tarqatish, tarqatilayotgan axborotlarni tijorat yo‘li bilan yuklab olish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan O‘zAning axborot portalini ishga tushirish topshirildi.