Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Instagram ijtimoiy tarmog‘ida o‘lik vishildoq oqqush (Cygnus olor) bilan tushgan rasmini e’lon qilgan erkak haqidagi ma’lumotlar va fotosuratlarni huquqni muhofaza qilish organlariga topshirdi.

Qo‘mita matbuot xizmatining xabar qilishicha, fotosurat 26−27 noyabr kunlari e’lon qilingan.

Gafurovskiy.95 nomi ostidagi foydalanuvchi tomonidan e’lon qilingan fotosuratda bir yigit qo‘llarida 1 bosh tulki va vishildoq oqqushni tutib turibdi, yerda esa 1 bosh quyon, 3 bosh qo‘ng‘ir kaptar yotibdi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, vishildoq oqqush ham O‘zbekiston Qizil kitobiga, ham Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Noqonuniy ovlanishi natijasida hayvonot dunyosiga 12 822 500 so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi, deyiladi xabarda. To‘plangan barcha materillar, shu jumladan fotosuratlar huquqbuzarlik sodir etgan fuqaroning shaxsini aniqlash hamda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun Ichki ishlar vazirligiga hamda Bosh prokuraturaga taqdim etildi.