So‘nggi kunlarda Andijon viloyatining ikkita mahallasida, Farg‘ona viloyatining Quva tumani va Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida aholi gaz va elektr energiyasi muntazam ravishda uzib qo‘yilayotgani sababli yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.

Andijon viloyatiFoto: Telegram.

28 noyabr kuni Andijondagi «Dalvarzin» mahallasi, shuningdek u bilan qo‘shni Oltinko‘l tumanidagi «Qo‘shtepa» mahallasi aholisi gaz va elektr energiyasi tez-tez uziliayotgani sababli yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»ning xabar qilishicha, Bobur bo‘limi tasarrufidagi PS Baxtdan chiquvchi 6kV Jalabek elektr uzatish tarmog‘iga ulangan 84-sonli transformator punktida nosozlik kelib chiqqan.

Hududda tabiiy gaz yetishmovchiligi elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortishiga, ovqat tayyorlashdan tashqari uyni isitish uchun ham elektr energiyasidan foydalanishga olib kelgan. Natijada quvvati 100 kV bo‘lgan transformator ishdan chiqqan.

«Dalvarzin» mahallasida transformatorning almashtirilishi. Foto: ANDIJON HETK / Telegram.

29 noyabr kuni korxona mutaxassislari quvvati 160 kV bo‘lgan KTPS rusumli transformator majmuasini o‘rnatdi. Elektr energiyasini uzatish tiklandi.

Andijon viloyati IIB matbuot xizmati rahbari Sherzodbek Nuriddinovning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, mazkur muammoni o‘rganish uchun tezkor guruh shakllantirildi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Dalvarzin» mahallasi aholisi bir necha yil muqaddam o‘z uylari uchun Oltinko‘l tumanidan gaz tarmog‘ini yotqizib kelgan. Joriy yilning oktyabr oyida gaz yetkazib berish to‘satdan to‘xtatilgan.

Aholi bir necha marotaba Andijon hokimiyatiga murojaat qilgan, biroq hech qanday natija bo‘lmagan. «Aholi elektr energiyasi kuniga besh-olti martadan o‘chirilayotgani sababli qiyin vaziyatga tushib qolgan. Natijada ular mutasaddi shaxslar muammolarini hal qilishga e’tibor qaratish uchun ko‘chada yig‘ilishdi», — deya qayd etdi matbuot xizmati.

Kuz-qish mavsumi bilan bog‘liq muammoni hal qilish uchun Andijonda maxsus ishchi guruh tuzildi.

Farg‘ona viloyati

30 noyabr kuni taxminan 18:00 da Quva tumani aholisi yo‘lni to‘sdi. Tuman IIB «Gazeta.uz»ga ushbu xabarni tasdiqladi.

«Tuman hokimi, IIB boshlig‘i, tuman gaz korxonasi xodimlari, tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbarlari aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Xuddi shu kuni muammolar hal qilindi», — deya qayd etdi IIB.

Xabar qilinishicha, gaz quvuri yorilishi natijasida gaz yetkazib berish to‘xtatilgan, natijada elektr energiyasi iste’moli oshgan va elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘la boshladi.

«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» «Gazeta.uz» so‘rovi bilan Farg‘ona viloyati, jumladan Quva tumanida elektr energiyasi tez-tez o‘chirilishi yuzasidan izoh berdi.

Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda bugungi kunda kun davomida 17,4 mln kVt/s (joylardagi cheklovlar bilan) elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Belgilangan reja esa 16,6 mln kVt/s.ni, elektr energiya ishlab chiqarish balansi bo‘yicha berilgan topshiriq 16,3 mln kVt/s belgilangan. Viloyatimizga bugungi kunda iste’molchilar tomonidan talab etilayotgan bir kunlik elektr energiyasi esa 20,0 mln kVt/s.ni tashkil etadi.

Farg‘ona HETK «Milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasiga belgilangan tartibda takliflar kiritilgan, yani ishlab chiqarishni orttirish hisobiga kunlik qo‘shimcha 2,6 mln kVt/s talab etilgan, hamda elektr energiyasini sifatli yetkazib berish maqsadida mutaxasislarimiz tomonidan tunu-kun tegishli tartibda choralar ko‘rilmoqda, deya qayd etdi korxona.

Quva tumani asosan 110 kV.li «L-Quva», 35 kV.li «L-Navruz», «L-Sharqiy arsif», «L-Sayguzar», «L-Anor», «L-Toshxovuz» va «L-BT» yuqori kuchlanishli havo uzatmasi orqali ta’minlanadi.

So‘nggi kunlarda havoning sovib ketishi bilan iste’molchilarni elektr energiyasiga bo‘lgan talabi keskin ortib bormoqda. Shu sababli energosistema barqaror ishlashi, elektr qurilmalarning uzoq vaqt xizmat qilinishi hisobga olgan holga joylarda tegishli tartibda cheklovlar joriy etilgan, deya ma’lum qildi korxona.

Qoraqalpog‘iston

Foto: Telegram.

Dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumani «Bo‘ston» mahallasi aholisi yo‘l o‘rtasida o‘t yoqdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ular shahar markazidagi ko‘p kvartirali uylarda yashaydi. Xabar qilinishicha, aholi yoniga bir delegatsiya kelganidan so‘ng uylarida bosimi past bo‘lsa ham gaz keldi.

«Qoraqalpog‘iston hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» mazkur aksiya elektr energiyasi o‘chirilishi bilan bog‘liq emasligini, shaharda gaz yetkazib olish bilan bog‘liq muammolar kuzatilayotganini qayd etib o‘tdi. «Gazeta.uz» «O‘ztransgaz» va tuman hokimiyatidan izoh ololmadi.

Ellikqal’a tuman hokimiyatida «Gazeta.uz»ga «Bo‘ston» mahallasi aholisi 1 dekabr kuni 11:00 dan 15:00 gacha ko‘chaga yig‘ilgan. Xabarda qayd etilishicha, gaz tarmoqlarida ta’mir ishlari olib borilayotgani sababli ayrim xonadonlarga gaz uzatish to‘xtatilgan. Natijada ko‘p qavatli uylardagi aholisi o‘rtasidagi tushunmovchilik sababli ular yo‘lni to‘sib qo‘ygan.

Mazkur holat yuzasidan Ellikqal’a tuman hokimi, tuman taz ta’minoti korxonasi rahbari va mutasaddi shaxslar aholi bilan tushuntirish ishlarini o‘tkazdi va gaz yetkazib berish ham qayta tiklandi.

Shunga o‘xshash aksiyalar boshqa hududlarda ham bo‘lib o‘tgani xabar qilingan edi. Bir necha kun muqaddam Nukus tumani Shortanbay ovuli aholisi gaz yo‘qligi sababli avtoyo‘lni to‘sib qo‘yib, g‘ildiraklarga o‘t qo‘ygan edi. Sirdaryo viloyatida esa metan «zapravkasi» yopilgani sababli «Toshkent-Guliston» avtoyo‘lini o‘rindiqlar bilan to‘sib qo‘ygan edi.

Bosh vazir Abdulla Aripov o‘tgan hafta payshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatda gaz va elektr energiyasi uzilishi bilan bog‘liq vaziyatni sharmandali holat deb atagan edi.