O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi chegara hududlaridagi avtoyo‘llarda muqaddam faoliyati to‘xtatilgan statsionar yo‘l-patrul va patrul-post xizmati postlari vaqtincha yana qaytadan tiklanayotgani haqida xabar qildi.

2017 yil so‘ngida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining parlamentga murojaatida viloyatlar o‘rtasidagi postlarni tugatishni topshirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi postlarning mavjudligi odamlarning harakatlanishini, shuningdek, iqtisodiyot hamda ichki va tashqi turizmning rivojlanishini chegaralaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 maydagi qaroriga muvofiq, respublika hududida mavjud bo‘lgan 133 ta yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va patrul-post xizmati postlaridan 74 tasining faoliyati tugatilib, bugungi kunda ulardan 59 tasi o‘z ishini davom ettirmoqda.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida «Farg‘ona-Vodil», «Farg‘ona-Avval» yo‘llaridagi, Xorazm viloyatining Xazorasp tumanidagi «Tuproqqal’a» YPX posti, Surxondarë viloyati Termiz tumani Denov shahridagi «Soliobod» PPX blokposti, Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi «Naynavo» PPX posti va boshqa postlar qayta tiklangani haqidagi xabarlar paydo bo‘la boshladi.

IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan nufuzli siyosiy va bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashni samarali tashkil etish maqsadida ayrim hududlarda vaqtinchalik yo‘l-patrul va patrul-post xizmati postlari tashkil etilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, yuzaga kelgan tezkor va kriminogen vaziyatni inobatga olgan holda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan YPX va PPX postlarini vaqtincha tashkil etish va tugatish tartibi mavjud, deya ta’kidladi matbuot kotibi.

IIV fuqarolardan ushbu xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshirilayotgan muhim vazifalarni to‘g‘ri qabul qilishlarini hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli nomaqbul fikrlarni tarqatmasliklarini so‘radi.