Iroq bosh vaziri Adel Abdel Maxdi 29 noyabr kuni Vakillar kengashiga (parlament) o‘z iste’fosini so‘rab murojaat yo‘lladi. U mamlakatdagi inqirozni bartaraf etish uchun iste’foga chiqishi zarurligini ta’kidlab, deputatlardan ushbu lavozimga boshqa nomzodni tasdiqlashni cho‘zib yubormaslikni so‘radi, deya xabar qildi Novosti axborot agentligi.

Iste’fo to‘g‘risidagi qaror oktyabr oyi boshidan beri davom etib kelayotgan hukumatga qarshi namoyishlar ortidan qabul qilindi. Ishsizlikka qarshi shiorlar hukumatni iste’fosi haqidagi talablarga, tinch namoyishlar esa ommaviy tartibsizliklarga aylandi. Namoyishlarning asosiy ishtirokchilari — yoshlar.

OAVning xabar qilishicha, namoyishlar vaqtidagi to‘qnashuvlar va tartibsizliklar vaqtida 300 dan ziyod kishi halok bo‘ldi, 15 ming kishi jarohatlandi.

«Inqirozni to‘xtatish uchun iste’fo zarur. Men parlamentdan tezroq nomzod tanlashni so‘rayman, chunki mamlakat hozirgi holatida boshqaruvsiz kundalik faoliyatini amalga oshira olmaydi», — deya qayd etdi Abdel Maxdi.

Iroq Vakillar kengashi bosh vazir iste’fosiga rozi bo‘ldi. Vakillar palatasi spikeri Muhammad al Xalbusiy parlament prezident Barxam Solixga konstitutsiyaga ko‘ra yangi bosh vazir nomini e’lon qilishni so‘rab murojaat qildi.