O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va «Hududgazta’minot» AJ matbuot xizmatlari 1 dekabr kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida 16 kishilik oilaning is gazidan zaharlangani to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan rasman bayonot berdi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi ma’lumotnomasiga tayaanib xabar berishicha, G‘.Berdiyevning 7 nafar oila a’zosida «is gazidan o‘tkir zaharlanishning yengil darajasi» tashxisi va qonlaridan 9−14 foiz darajada is gazi miqdori aniqlanib, ularga toksikologiya bo‘limi tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, fuqaro G‘.Berdiyevning qolgan 9 nafar oila a’zolarining qonidan 6−8 foiz darajada is gazi miqdori aniqlangan bo‘lsa-da, o‘tkir zaxarlanish tashxisi qo‘yilmagan.

Barcha bemorlarga tegishli tez-tibbiy yordam ko‘rsatilgan va yashash manziliga ambulator davolanish uchun qaytarilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Qibray tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Hududgazta’minot» bayonotida esa «Qibraytumangaz» filiali xodimlari tomonidan xonadondagi barcha gaz jihozlari va quvurlari qat’iy nazoratdan o‘tkazilgani, xonadonda gaz sizib chiqishi va is gazidan zaharlanish holatlariga olib keluvchi sabablar mavjud emasligi qayd etildi.

Faqat, xonadonga o‘rnatilgan isitish moslamasining joylashuvi tasdiqlangan texnik rejaga zid ravishda, o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirib olingani aniqlanib, darhol gaz ta’minotidan uzilgan. Xonadon egasi o‘zi istiqomat qiluvchi hududda gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lmaganligi va gaz ta’minoti korxonasiga hech qanday e’tirozi yo‘qligini ma’lum qildi.

Surishtiruvlar natijasida, voqea aslida bir kun avval mehmondorchilik uchun xonadonga kelgan qarindoshlarning qo‘lbola konserva maxsulotlarini iste’mol qilishi natijasida 7 fuqaro jumladan, ikki ayol va 5 ta bola oziq-ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani aniqlandi.