1 noyabr holatida O‘zbekistonda OIVga chalinganlar soni 42098 nafarni tashkil etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Dastlabki 10 oy davomida mamlakatda 3337 ta OIVga chalinish holati qayd etildi, bunda 1919 nafarini erkaklar (57,5%) va 1418 nafarini ayollar (42,5%) tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu raqamlar 69 taga yoki 1,8 foizga kamaydi.

SSV OIVning onadan yangi tug‘ilgan chaqaloqqa yuqishi holatlari 2013 yildagi 2,3 foizdan 2018 yilda 0,3 foizga kamayganini ham qayd etib o‘tdi.

Bugungi kunda mamlakatda 28 ming nafardan ziyod bemor antiretrovirus terapiyasini olmoqda. Bu davo jiddiy kasalliklarning kelib chiqishi va infeksiyaning boshqalarga yuqishining oldini oladi.

So‘nggi yillarda virusga qarshi dori vositalarini sotib olish uchun OITS, sil va bezgakka qarshi kurash global jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan 15 mln dollarlik mablag‘lar sarflandi.

1 dekabrda 1 dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni nishonlanadi. Joriy yil ushbu sana «Hamjamiyat o‘zgarishlarga erishmoqda» shiori ostida nishonlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS bo‘yicha dasturi -YUNEYDSning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 37 million OIV infeksiyasi bilan yashayotgan shaxslar hisobga olingan. O‘tgan yili OIV bilan bog‘liq sabablardan 770 ming kishi, bugungi kungacha esa jami 32 mln kishi vafot etdi.