O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (O‘zmilliybank) aksionerlik jamiyati («Milliy bank») shaklida qayta tashkil etildi. Bu prezidentning 30 noyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

«Milliy bank» qayta tashkil etilayotgan O‘zmilliybankning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi. Moliya vazirligi va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi davlat nomidan «Milliy bank»ning ta’sischisi hisoblanadi

Hujjatda «Milliy bank»ning asosiy vazifalari belgilab berildi. Xususan, korporativ mijozlarga investitsion banking, jumladan, ichki va tashqi bozorlarda qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

NBU INVEST GROUP investitsiya kompaniyasi negizida moliyaviy bozorlarda, jumladan, bankning daromadi chegarasida xo‘jalik sub’ektlari ustav fondida (100 foizgacha) ishtirok etish orqali investitsion loyihalarni amalga oshirishda ishtirokini kengaytirishni nazarda tutgan holda NBU INVEST GROUP aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi.

O‘zmilliybankning xo‘jalik jamiyatlari ustav fondidagi aksiyalar va ulushlar shaklidagi ayrim asosiy faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan aktivlari O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga beriladi, qolganilari esa sotiladi.