Energetika vazirligi tarkibidagi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi Turkmanistonning «Turkmanenergo» Davlat elektr energetika korporatsiyasi bilan 2019−2020 yillarda elektr energiyasini import qilish yuzasidan kelishuvga erishgani to‘g‘risida xabar qildi.

«1 dekabr sanasidan respublikamiz elektr energiyasi ta’minotida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berib, tarmoqdagi cheklovlar keskin kamayishini ma’lum qilamiz», — deya va’da berdi kompaniya.

Sovuq tushishi bilan Toshkentda va O‘zbekiston viloyatlarida elektr energiyasida uzilishlar boshlandi. Bosh vazir Abdulla Aripov payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 27 noyabr kuni sutka davomida 110 kilovolt kuchlanishli 144ta liniyada jami 300 martadan ortiq cheklov amalga oshirilgani, ushbu liniyalarda 1 yarim soatdan 5 soatgacha cheklov kiritilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, qariyb 31,5 mingta holatda elektr energiyadan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan, zarar miqdori esa 22 milliard so‘mni tashkil qiladi.

Energetika vazirligi avvalroq katta avariyalarning oldini olish uchun bir qism iste’molchilar elektr ta’minotidan uzib qo‘yilayotganini ma’lum qilgan edi. Vazirlik, shuningdek, zarurat tug‘ilmagan taqdirda elektr uskunalarni tarmoqdan uzib qo‘yishga chaqirdi.