Toshkent shahrida o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi doirasida 29 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligi rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli bugun savdo-iqtisodiy munosabatlar faol rivojlanmoqda. O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, turli tarmoqlardagi kooperatsiya kuchaymoqda, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladilar.