O‘zbekistonlik Otabek Obloqulov va Bobomurod Nabiyev, shuningdek, ularning oila a’zolari (jami yetti kishi) 27 noyabr kuni Ontario provinsiyasida (Kanada) shaxsiy yengil motorli samolyot qulashi natijasida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning Vashingtondagi elchixonasiga tayanib xabar qildi.

CBC News ma’lumotlariga ko‘ra, bortda Otabek Obloqulov, uning turmush o‘rtog‘i va 3, 11 va 15 yoshdagi uch farzandi, shuningdek, Bobomurod Nabiyev va uning turmush o‘rtog‘i vafot etdi. Obloqulov va uning oilasi Missuri-Siti (Texas, AQSH, Nabiyev turmush o‘rtog‘i bilan Torontoda (Kanada) yashagan.

TIVning aniqlik kiritishicha, halok bo‘lganlar dam olish kunini (29 noyabr kuni AQSHda Shukronalik kuni sifatida nishonlanadi) o‘tkazish uchun Torontodan Kingstonga yo‘l olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotning qulashiga noqulay ob-havo sabab bo‘lgan.

Kanada Transportda xavfsizlik kengashi tergov guhuri hodisani hodisani o‘rganmoqda. Yaqin kunlarda mutaxassislar samolyotda aniqlanishi mumkin bo‘lgan elektron uskunalar ma’lumotlari, havo kemasiga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaydlar, uchuvchining tayyorgarligi va boshqa omillarni o‘rganmoqda.