O‘zbekiston Energetika vazirligi «O‘zbekenergo» kompaniyasining strategik rivojlantirish boshqarmasining sobiq boshlig‘i, texnika fanlari nomzodi Eso Sa’dullayevning maqolasida butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi muntazam ravishda uzilayotgani muammosiga izoh berdi.

Muallif elektr energiyasi tizimiga: 1) elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stansiyalar («Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va «O‘zbekgidroenergiya» AJ), 2) ularni uzatish uchun yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari («O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ), 3) elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlari («Hududiy elektr tarmoqlari» AJ) va nihoyat 4) elektr energiyasi iste’molchilari kirishini tushuntirib o‘tadi.

Bunday tizimning asosiy maqsadi iste’molchilarni sifatli va ishonchli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashdir. Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi (yozda jazirama issiq mavsumidagi yoki qahraton qish mavsumidagi sovuq ob-havoda) kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta’minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qolmoqda.

Bunda katta avariyalarni va butun mamlakatda hamma iste’molchilarni o‘chishini oldini olish uchun elektr energiyasi ta’minotida cheklovlar joriy etilishiga majburan olib keladi. Dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta’minlamasa, tizimdagi «zo‘riqish» turli yirik avariyalarga sabab bo‘lib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiya bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi.

Eso Sadullayevning a’kidlashicha, agar hududiy dispetcherlar ma’lum jadval tartibiga asosan, tegishli texnik-muhandislik qoidalariga binoan past kuchlanishli elektr tarmoqlarida energotizim balansini ta’minlasa (0,4 kV, 6−10 kV), markaziy dispetcherlik boshqaruvida favqulotda qaror qabul qilinishiga hojat bo‘lmaydi.

Belgilangan cheklovlar hududiy elektr tarmoqlari tomonidan bajarilmagan taqdirda tizimdagi yirik avariyalarning oldini olish uchun (35 kV va 110 kV) «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tarkibidagi Milliy dispetcherlik markazi tomonidan katta hududlar elektr ta’minotidan uzib qo‘yiladi. Bu amaliyot hukumat tomonidan tasdiqlangan elektr energiya xavfsizligi qoidalariga binoan amalga oshiriladi. Natijada, yirik talafot keltirishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalar hamda jiddiy iqtisodiy zararlarning oldi olinadi.

«Iste’molchilarning ma’lum to‘lov evaziga elektr energiyasidan foydalanish huquqidan tashqari energiyatejamkorlik va energiyasamaradorlik masalasida ma’lum majburiyatlari ham bor», — deydi Eso Sadullayev. U foydalanilmayotgan paytda elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish zarurligini esga oladi.

«Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish, aniqrog‘i uni o‘g‘irlash orqali iste’molni boshqarish va nazorat qilish tizimidan tashqari qancha-qancha elektr energiyasi sarf qilinadi, — deb yozadi mutaxassis. — Natijada iste’mol asossiz ravishda oshadi, quvvat bloklari, magistral havo liniyalari, transformator podstansiyalari va elektr uzatish tarmoqlarining ortiqcha yuklanishi kuzatiladi. Bu, o‘z navbatida, tizimdagi avariyalarning paydo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit yaratishi turgan gap».