O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi «Yog‘och-qirindili plitalar hamda ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, importni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasini jamoat muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, respublikada so‘nggi yillarda yog‘och-qirindili plitalar (DSP) va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, xususan, qamish va g‘o‘zapoya kabi mahalliy o‘simliklarni qayta ishlash yo‘li bilan import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari yaratilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan kimyoviy xom-ashyolar narxining oshib ketayotganligi hamda xorijiy davlatlardan keltirilayotgan yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlari import ulushining yuqoriligi va ularning import narxlarini sun’iy ravishda pasaytirish holatlari ichki bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Natijada, yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hududlardagi bir nechta yirik loyihalar istiqbolsiz va iqtisodiy samarasiz holatga kelib qolmoqda.

Respublikada DSP ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z vaqtida ishga tushirish va importni tartibga solish maqsadida:

  • import qilinayotgan DSP narxlarini tahlil qilish va bojxona to‘lovlarini to‘liq to‘lanishini ta’minlash uchun ularga bazaviy narxlarini belgilash;
  • 2020 yil 1 yanvardan boshlab DSP ishlab chiqaruvchi korxonalarga muayyan investitsion majburiyatlar asosida, atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda tabiiy qamishzorlarni 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga bepul foydalanishga berish tizimini joriy etish;
  • «Navoiyazot» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan «formalin 37%» hamda «Maxam-Chirchiq» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan «karbamid A» mahsulotlariga qo‘llanilayotgan narxlarni tahlil qilish va monopol yuqori narx qo‘llash holatlarining oldini olish choralarini ko‘rish.

Bundan tashqari, respublikaga import qilinayotgan 1 metr kub yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlariga (TIF TN kodi 4410) 2020 yil 1 yanvardan boshlab qat’iy 25 dollar hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab qat’iy 30 dollar miqdorida aksiz solig‘i joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, 2020 yil 1 yanvardan 2022 yil 1 yanvariga qadar qamish, g‘o‘zapoya va boshqa mahalliy o‘simliklardan DSP ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni ishlab chiqarish faoliyati bo‘yicha foyda solig‘i, yer va mol-mulk solig‘i, ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan texnika vositalari, asbob-uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasining 11 apreldagi qarori bilan DSP ishlab chiqaruvchilari 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan edi.