Turkmaniston prezidentiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Faxriy akademigi unvoni berildi. Payshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, Fanlar akademiyasi ushbu qarorni Turkmaniston Prezidenti xalqaro ilmiy doiralarda keng tanilgan va e’tirof etilgan olim, zamonaviy tibbiyot, farmakologiya, iqtisodiyot, arxitektura va fanning boshqa sohalarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoning boy tabiatini o‘rganishga bag‘ishlangan qator ilmiy qomusiy asarlar muallifi ekanligini inobatga olgan holda qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida ushbu qaror Turkmaniston prezidentining ilm-fan sohalarini rivojlantirish, qardosh o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlariga ulkan hurmat ifodasi ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari oxirgi yillar ko‘p asrlik aloqalar tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgani va bugungi kunda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida tobora rivojlanayotganini qayd etdi. Bu o‘zaro savdo hajmining ancha oshgani, sanoat kooperatsiyasi va hududlararo hamkorlik kuchayib borayotgani, madaniy-gumanitar aloqalar faollashganida namoyon bo‘lmoqda.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov, o‘z navbatida, prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, bu Turkmanistonga hurmat-ehtirom ifodasi, mamlakatning fan va ta’lim sohalaridagi yutuqlari e’tirofi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamligidan dalolat ekanini ta’kidladi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash, unga yangi sur’at bag‘ishlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi. O‘zbekiston rahbari bilan muntazam va samarali uchrashuvlar doimo do‘stona va ishonch ruhida o‘tayotgani va aniq kelishuvlarga erishishga xizmat qilayotgani qayd etildi.