Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida 42-maktabni kapital ta’mirlashda byudjet mablag‘larini talon-taroj qilish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tergovga qadar tekshiruv vaqtida 42-sonli maktabda kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan «X» MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalar noqonuniy daromad orttirish maqsadida 241,9 mln. so‘mlik ta’mirlash ishlarini amalda bajarmasdan, hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritishib, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan «X» MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.