Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 28 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Toshkentga keldi. Tashrif O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar bilan boshlandi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, ikki davlat rahbarlari o‘zaro munosabatlarning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar va ularni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

29 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Prezidentlar ushbu tadbirning mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi xususida yakdil fikr bildirdilar.

Muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston rahbarining kitoblari — ilmiy asarlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Ushbu kitoblar mamlakatimiz ilmiy-akademik doiralari va ijodiy jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidlash lozim. Mazkur tashrif arafasida Gurbanguli Berdimuhamedovning qator kitoblari — «Baxtli hayot sog‘liqdan boshlanar», «Madaniyat — xalqning bebaho xazinasi», «Barhayot afsona», «Choy — shifo va ruhiy quvvat manbai» nomli asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan edi.

Davlat rahbari Turkmaniston prezidentiga O‘zbekistonda chop etilgan Gurbanguli Berdimuhamedov kitoblarining ilk nusxalarini sovg‘a qildi.