Chorshanba kuni haydovchilar Sirdaryo viloyati Baxt shahridagi «Tejamkor Metan Gaz» avtomobillarga gaz tarqatish shoxobchasi faoliyati to‘xtatilgani sababli M-34 «Toshkent-Guliston» avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi.

Noyabr oyi boshidan buyon ijtimoiy tarmoqlarda gaz tarqatish shoxobchalarida uzunligi bir necha yuz metr bo‘lgan navbatlar paydo bo‘lgani tasvirlangan fotosuratlar paydo bo‘lmoqda. Yoqilg‘i taqchilligi sababli haydovchilar navbatlarda bir necha soatlab kutib qolmoqda.

Video

Tas-Ix (Mover) orqali tomosha qilish

Sirdaryo viloyat IIB YHXB matbuot xizmatining xabar qilishicha 27 noyabr kuni poytaxtdan Gulistonga borish yo‘lining 84-kilometrida yo‘l to‘sib qo‘yilgan. Bir necha haydovchi shoxobcha faoliyatining to‘xtatilganidan norozilik bildirib, o‘rindiqlar yordamida yo‘lni to‘sib qo‘ygan.

Voqea joyiga Sirdaryo viloyati YHXB va Sirdaryo tumani IIB mas’ul xodimlari yetib borgan. Metan gaz tarqatish shoxobchasi vakillarining bildirishicha, gaz tarqatish shahobchasi vaqtincha gaz berish to‘htatilganligi, xaydovchilar esa kechadan beri navbat kutib turgan bo‘lgan. Soat taxminan 11:00 larda «O‘zneftgaz» inspeksiyasi, Majburiy ijro Byurosi, «O‘zTransgaz» agentligi xodimlar tomonidan tabiiy gazning qonuniy sarflanishini tekshirish maqsadida gaz hisoblash moslamalarini «O‘zstandart» agentligiga tekshirish uchun olib ketgan.

Mas’ul xodimlar tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlaridan so‘ng yig‘ilgan haydovchilar tarqatilib, taxminan 4−5 daqiqa ichida yo‘lda harakat tiklangan va gaz tarqatish shoxobchasi ish faoliyatini davom ettirgan.

YHXB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda xalqaro va davlat ahamiyatiga ega yo‘llar atrofida joylashgan avtomashinalarga gaz tarqatish shoxobchalarining har biriga yo‘l harakatini tartibga solish va tirbandliklarni keltirib chiqarmaslik maqsadida Yo‘l patrul xizmati xodimlari biriktirildi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonning Nukus tumani Shortanbay ovuli aholisi ham tabiiy gaz yetkazib berilmayotgani sababli avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan edi. O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berishda uzilishlar kuzatilayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda.