2019 yil 15 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tumani sudida sudya Sh. Shamshiyev raisligida ayblanuvchi Sh. Jumaboyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Zarnews.uz xabar berdi.

2019 yil 24 avgust kuni soat 16:30 larda Zomin tumanida fuqaro Sh. Jumaboyev mast holatda boshqaruvidagi davlat raqam belgisi 25 Z 841 AA bo‘lgan «ZIL-130» rusumli avtomashinani boshqarib kelayotib, yo‘lning keskin burilish joyida boshqaruvni yo‘qotadi.

Oqibatda yo‘lning o‘ng chetida harakatlanib ketayotgan, voyaga yetmagan piyodalar — 2005 yilda tug‘ilgan D.U. va 2013 yilda tug‘ilgan D.N.ni avtomashinasining old qismi bilan urib yuboradi.

Haydovchi jabrlanganlarga yordam ko‘rsatmasdan, voqea joyidan qochib ketadi. D.U. olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etadi. 6 yoshli D.N. esa tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi Sh. Jumaboyevga 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.