O‘zbekiston prezidenti 26 noyabr kuni suv resurslarini boshqarishni takomillashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Hujjat O‘zA saytida e’lon qilindi.

Farmonda qayd etilishicha, respublikada quruq fasllarning davomiyligi oshib bormoqda, tog‘larda qor zaxiralari maydoni kamaymoqda, kamsuvlik takrorlanishi tobora ko‘paymoqda, bu esa, o‘z navbatida, suv tanqisligi kelib chiqish xavfining oshishiga olib keladi. Shu bilan birga, mamlakatda suv resurslari sifati va xavfsizligi monitoringini amalga oshirishning samarali tizimi yaratilmagan.

Hujjatda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan Suv ta’minoti va suv chiqarish tizimini rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilingan. Unda quyidagilar ko‘zda tutiladi:

  • respublikaning Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlashning yagona markazlashtirilgan tizimini yaratish, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish;
  • respublika suv ta’minoti korxonalari negizida suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlari ob’ektlarini ekspluatatsiya qilishda yagona operator funksiyasini bajarishni amalga oshiradigan alohida korporativ тузилмани tashkil etish;
  • respublikaning suv resurslarini boshqarish tizimini avtomatlashtirishni va ushbu sohadagi barcha biznes jarayonlarini raqamli formatga o‘tkazishni ta’minlaydigan «Raqamli suv ta’minoti korxonasi» tizimiни joriy etish;
  • soha korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashni amalga oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb etish;
  • zamonaviy talab va standartlarni hisobga olgan holda soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish.

Vazirlik Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlashni muvofiqlashtirish sohasida, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi. Vazirlikka quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

  • suv balansining yagona axborot tizimini yaratgan holda Yagona davlat suv fondi suvlarining miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida vakolatli organlar va tashkilotlarning ma’lumotlarini to‘plash, umumlashtirish va tizimlashtirish orqali respublikaning yagona suv balansini shakllantirishni tashkil etish;
  • suvni hisobga olishning holati, uning xavfsizligi va sifatini ta’minlash to‘g‘risida vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan ma’lumotlarning ishonchliligi monitoringini o‘tkazish, zarur bo‘lganda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;
  • Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organlar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • toza ichimlik suvining strategik zaxiralarini yaratishни tashkil etish, shu jumladan, katta hajmdagi zaxira manbalarini barpo etish;
  • suvdan foydalanish sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni, shu jumladan, suvning miqdori va sifatini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishни muvofiqlashtirish, ularning respublika suv balansining yagona axborot tizimiga integratsiyalashuvini ta’minlash.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Shuningdek, prezidentning tegishli qarori bilan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi suv ta’minoti davlat unitar korxonalari negizida ushbu korxonalarni mas’uliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tuzish orqali «O‘zsuvta’minot» AJ tashkil etildi.

Tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar qayta tuzilayotgan tegishli davlat unitar korxonalarining shartnomalari, huquqlari (2019 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra 381,7 milliard so‘m debitor qarzdorlik) va majburiyatlari (2019 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra 499,8 milliard so‘m kreditor qarzdorlik) bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi, deyiladi qarorda.

2020 yil 1 yanvardan Majburiy ijro byurosining ko‘rsatilayotgan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalari «O‘zsuvta’minot» AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga o‘tkaziladi.

UJKXKVning markaziy apparati tarkibiga Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlash, respublikaning yagona suv balansini shakllantirish, shuningdek, suv ta’minoti va suv chiqarish tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni tashkil qilish va muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritildi.

Vazirlik markaziy apparati tarkibida Yagona suv balansini shakllantirish va monitoring qilish bosh boshqarmasi; Yagona davlat suv fondi suvlarining xavfsizligi va sifatini ta’minlash boshqarmasi; Suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi tuzildi.

Hokimiyatlarga bir oy muddatda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlangan va ta’minlanmagan barcha aholi punktlarini xatlovdan o‘tkazish hamda 2020−2030 yillar davrida tegishli hudud aholisini ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlashning aniq maqsadli ko‘rsatkichlarini ko‘rsatgan holda suv ta’minoti va suv chiqarish ob’ektlarini kengaytirish sxemalari va manzilli dasturini tasdiqlash topshirildi.