Qoraqalpog‘istonning Nukus tumani Shortanbay ovuli aholisi tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilgani sababli avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Chorshanba kuni tarqalgan videoyozuvda bir necha o‘n nafar fuqaroning tuman markazidan 8,5 km uzoqlikdagi «Kirantau» qishloq fuqarolar yig‘ini tarkibiga kiruvchi avul yo‘lida yonayotgan g‘ildiraklar tutuni oralab turganini ko‘rish mumkin.

O‘zA muxbirining Nukus tuman hokimiyatidan xabar qilishicha, Shortanbay ovuli fuqarolari M.J va A.U. hudud ichidan o‘tadigan yo‘lning bo‘yiga chiqib, qishloqdoshlarini norozilik mitingiga chorlaydi. Odamlarning e’tiborini tortish uchun asfalt yo‘lga avtomashinalarning pokrishkalarini yoqadi va voqea joyiga 70 ga yaqin odamlar yig‘iladi.

Tuman hokimi A.Seytaxov va tuman prokurori Sh. Allambergenov vaziyatni voqea joyiga borib o‘rganadi. Qishloq aholisining ko‘mirga bo‘lgan talabi o‘rganib chiqilib, shu kunning o‘zida 116 tonna ko‘mir yetkazildi.

Qish mavsumida tabiiy gaz to‘liq yetib bormaydigan ijtimoiy ob’ektlar va xo‘jaliklarning ro‘yxati tuzilgan bo‘lib, ushbu hududlarga boshqa muqobil energiya resurslarini yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

«Qirantau» OFY hududi ham ushbu ro‘yxatga kiritilgan.

Hozirgi vaqtda mazkur hududga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berilmoqda. Lekin, qishloq aholisi ko‘mir sifati past ekanligini ta’kidlab, ko‘mir sotib olishdan bosh tortgan va hududni tabiiy gaz bilan ta’minlab berishni talab qilgan.

«O‘ztransgaz» AJ «Qaraqalpaqstangaz» filiali boshlig‘i X.Aymanov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov norozi aholi bilan uchrashib, tabiiy gaz yetishmovchiligi sabablarini va bu norozilik namoyishlari qonunga zid ekanligini tushuntirdi.

Hozirgi vaqtda hudud aholisini muqobil energiya resurslari bilan doimiy ta’minlash bo‘yicha ishchi guruh tuzilib ish olib bormoqda.

Aholining suyultirilgan gaz va sifatli ko‘mirga bo‘lgan talabi hisoblab chiqilib, tez fursatda yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda. Bugungi kunda hududda 1541 xonadon bor bo‘lib, shundan 420 yordamga muhtoj har bir xonadonga 500 kilogrammdan ko‘mir va 2 dona gaz ballonlari bepul yetkazildi. Hamda 10 telejka quruq o‘tin ham bepul berildi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining topshirig‘i bilan mazkur hududda joylashgan ijtimoiy ob’ektlar (3ta maktab, bitta maktabgacha ta’lim muassasasi va qishloq vrachlik punkti) shu yilning 1 dekabriga qadar tabiiy gaz tarmog‘iga ulanadigan bo‘ldi.

Hududga gaz yetkazuvchi 16 kilometr gaz quvuri yaroqsiz holatga kelgan bo‘lib, yuqori bosimdagi gazga bardosh bera olmay favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqarishi ehtimoli bo‘lganligi sababli, ushbu quvurlar yangisiga almashtirilgandan keyin hududdagi xo‘jaliklarni bosqchma-bosqich tabiiy gaz tarmog‘iga ulash ishlari bo‘yicha ham o‘rganish ishlari olib borilmoqda.