O‘zbekiston hukumatining «Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

Qarorga muvofiq, naqd pul tushumiga ega tadbirkorlar aholidan naqd pulni qabul qilishda jadvalda belgilangan muddatga qadar onlayn-nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga ixtiyoriy, ushbu muddat tugagach majburiy ravishda o‘tadilar (istisno holatlar mavjud).

Qaror bilan, Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn-nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassa tizimini qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston hududida faqat belgilangan tartibda Davlat reyestriga kiritilgan onlayn-NKM va virtual kassalardan foydalanishga ruxsat etiladi.

Tadbirkorlar Davlat reyestriga kiritilgan onlayn-NKM va (yoki) virtual kassalarni mustaqil sotib olishi hamda texnik xizmat ko‘rsatish markazlarini ixtiyoriy tanlash huquqiga ega.

Onlayn-NKM va (yoki) virtual kassalar davlat soliq xizmatlari organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim, ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun to‘lov undirilmaydi.